Umr bamisli poyga yo’lakchasiga o’xshaydi. Biz betinim orzularimiz ro’yobi turgan marra tomon intilamiz. Lekin, har doim ham bu o’zi chin insoniylik yo’limi? Haq yo’lmi? Bu haqida yo’lga chiqishdan avval emas, malum masofani bosib o’tgandan so’ng o’ylaymiz. Borar manzilning daxshatini, zulmatini ko’rib yurak orqaga tortmoqda. Hamma gap shundaki, orqaga yo’l yo’q. Fursat qo’ldan ketgan, ketganki, afsus. Aytishlaricha, imkon barchaga teng berilar ekan. Ajablanyapsizmi? Hayron qolishga hojat yo’q. chunki, hayotning o’zi imkoniyatdan iborat ekan-da.

Bu fikrlarni bir asar tahlili misolida yoritsak. ,,Quyosh barchaga birday nur sochadi, biroq uning nurlaridan hamma ham bir xilda bahramand bo’lavermaydi”, bu so’zlar ko’plab kitobxonlar mehrini qozongan adib Tohir Malikning ,,Alvido Bolalik “ qissasidan olingan bo’lib, asarning mazmun-mohiyatini ochuvchi kalit vazifasini o’tasa ajab emas. Yozuvchi bu qissasi bilan jinoyatning zim-ziyo ko’chasidagi sarson taqdirlarning besamar kechayotgan umr yo’lini yoritish orqali o’quvchini o’tayotgan vaqt, o’z umri haqida atroflicha mulohaza yuritishga chorlaydi. Muallif qissani to’g’ridan –to’g’ri o’quvchiga so’zlamaydi. Balki, axloq tuzatish kolloniyasida jazo muddatini o’tayotgan mahbus yigit Ahborga aytib berishi ila sizni voqealar tizimiga olib kiradi. Shu obraz bilan kechayotgan jarayonga munosabatini, hattoki, kitobxonda tug’iladigan va kelajakdagi mavjud savollarga ham javob berib ketadi. Bu aynan Ahbor tilidan aytilgan, ,,asaringizda nega yaxshi insonlar uchramaydi”- degan jumlasiga men kelgusida tanqidchilardan kutgan savolni berding, deya izoh berishi yuqoridagi gaplarning tasdig’idir. O’quvchining yana e’tiborini tortadigan jihatlardan biri shuki, asarda muallif bayonchilikdan ko’ra tasviriy ifodani ma’qul ko’radi. Bu har jihatdan to’g’ri va shu bilan birga har bir persanajning asosan bosh qahramon Qamariddinning xarakter liniyasini ochuvchi asosiy ifoda vositasi bo’lolgan. Aynan mana shu jihat qissada eng ko’p o’y-xayollar iskanjasida tasvirlangan Asrorning fikr-mulohazalari bilan to’ldirilib boriladi.

Birgina Adabiyot muallimi Samad akaning darsga kirib, insho yozish uchun bolalarga topshiriq berishi bu esa Asrorning barcha sinfdoshlarining taqdirini tahlil qilishi natijasida butun jamiyatdagi muhit nosog’lomligi, bunday hayotda yashab insonga xos nom qoldirmoq naqadar qiyin ekanligi yoritiladi. Sinfda jimgina o’tirgan yigit sinfdoshlarini bir-bir xayolidan o’tkazadi. Turobjonning akasi Afg’onistonda halok bo’lgan, buni ko’tara olmagan oyisi esdan og’gan. Manzuraning otasi ketib qolgan. Atoulla boyning bolasi ammo, bor davlatini xaspo’shlab yashirib yashashga majbur. Ergashning otasi aravakash, Ergash esa dars tugar-tugamas somon bozoriga qarab yuguradi. Dilfuza nega erta-yu kech ko’chabezori bolalar orasida yuradi? Bunga Asror sabab demoqchimisiz? Faqat bu tarozining bir pallasidagi haqiqat. Balki, shu haqiqat ham noilojlikdandir. Chunki, bolalar uyida voyaga yetib, balog’at ostonasidagi bu qizaloq kimsasiz orolda yashaydi. Axir, uning yon-atrofida dardini eshitadigan, uni tushunadigan, uni ham boshqalar kabi teng huquqli shaxs hisoblaydigan birgina shu Asror bor, xolos. Boshqa tengdoshlari tugul, hatto oliy ma’lumotli ustozlari ham nuqul mag’zavani uning ustiga ag’darib tursa, u ,,osiy” g’arib joniga boshqa yana qayerdan panoh topsin? Endi, Asrorning o’ziga kelsak, chunki, kitobxon ko’p hollarda uning fikri bilan o’ylashga, uning mulohazasi bilan hukm chiqarishga majbur.

Negaki, biz yuqoridagi barcha keltirgan misollarimiz uning aql chig’irig’idan o’tib, bizning tafakkur-shuurimiz sarhadlariga bo’ylaydi. Baxtli odam hammani o’ziday baxtli hisoblaydi. Baxtsiz odam esa juda ko’p hollarda bunga albatta, kimnidir aybdor qilib ko’rsatadi. Balki, Asror ayni o’zining holatidan kelib chiqib ko’pchilikni baholayotgandir. Balki, yuqoridagi tengdoshlari u o’ylaganchalik og’ir ahvolda emasdir. Biroq, uni shu kayfiyatiga eng asosiy sabab ham shubhasiz, atrofidagi muhitning o’zi. Muallif aynan shu jihatni qissaning bosh mavzularidan biriga aylantiradi. Ijtimoiy, bir qarashda arzimasdek tuyilgan narsa bosh qahramonning jinoyat ko’chasiga kirishini, butun jamiyatga bo’lgan nafratini voqealar rivojida hamda qilgan ishlarining xayoliy tahlili bilan o’quvchiga ochib beradi. Kitobxonni tobora voqealar o’z girdobiga tortar ekan, qahramonlarning xarakterlarini anglashga urinadi. Qamariddinning syujetida bir-birini inkor etuvchi konfliktni ko’rishimiz mumkin. Dilfuzaga to’dadagilardan kimdir ko’zolaytirganini bilib qolib, uni jazolashi, yosh bolalarning pulini olib zo’ravonlik qilishganini ko’rib qolsa bevarq bo’lmasligi uning hujudidagi insoniy mehrning ifodasi bo’lsa, o’zi yo’q payti kimdir bolalarga nohaqlik qilganini eshitib indamasligi, bazida tushunib bo’lmas fe’lidagi ayrim jihatlar esa qahrning bir ko’rinishidir. Sanjar Keldiyorov, marhum Mirqosim Mirtillayev, Qamariddin, Asror, Salim va boshqalarning turli irmoqdan kelayotgan syujetlarini bir o’zanga solib yuborish hamda uni aynan bir oqim bo’ylab harakatlanishini taminlash asarni qiziqarli qilibgina qolmay, adibning badiiy saviyasini, hayotiy tajribasini ham belgilaydi. Asar yakunlanib borar ekan, bosh qahramon o’z onasini o’ldirishga qaror qilishida yetimlikning jabr zulmi, alamidan tashqari zino ichida yashayotgan bu ayolning qilmishlaridan kelajakda barbod bo’lishi kutilayotgan oilalarni, yangidan-yangi tug’iladigan Qamariddinlarni qutqarmoqchidir, ehtimol. To’g’ri, xalqda men mayni qadahga quydim, og’zingga emas, degan hikmatli so’z bor. Lekin, idishning ichidagi jilovlanib turgan suyuqlikning foydadan ko’ra zarar ekanligini ko’pchilik bilsada uni uzatib turgan qo’llarni rad eta olmasligi ham ayon haqiqat. Buni Qamariddinning o’zi ham biladi va Asror bilan bir suhbatda afsus, nadomat ila gapiradi. ,, Ular meni yengishdi, bukib qo’yishdi, ammo seni yengishlariga yo’l qo’yma”, deydi. U faqat bir narsani bilmas edi. Matematikaning har qanday murakkabligini yecholgan bu yosh ,,akademik” taqdir chigalliklari oldida ojiz qolgan va allaqachon yengilgan edi. Yengilib yengil yo’lga kirganlarning qismati qanday yakun topishi asar qahramonlari siymosida o’z aksini topadi.

,,Birni ko’rib fikr qil”, deydi, xalqimiz. Jumladan, asardagi qahramonlarning fojiasi, ularning kechmishlari sabab ko’z oldingizda jonli hayot ekrani gavdalanadi. Bu bilan o’z yo’lini topishga harakat qilayotgan balog’at yoshidagi har bir o’g’il qizga yozuvchi o’z so’zini aytadi. Yashashning mazmun-mohiyatini tushuntirishga urinadi. Darhaqiqat, hamma gap qancha yashashda emas, qanday yashashda. Chunki, ertami- kechmi odam borki bu hayotni tark etadi. Insonning umriboqiyligi esa undan qoladigan nom, qilgan ezgu va xayrli amallaridir. Mana shunday yaxshi niyat bilan na’muna qilib yozilgan ko’plab asarlari qatori ,, Alvido bolalik” qissasi ham hurmatli adibimiz T. Malikning nomini mangulikka muhrlasa ajab emas.

Zero, Bu umr o’tkinchi, hayot betakror,

Shuxratbek Islomov.

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован.