Bugungi kunda rasmiy manbalar hisob-kitobiga ko‘ra, 2 milliondan ortiq, norasmiy turli manbalarga ko‘ra 5 milliondan ortiq o‘zbekistonlik xorijda mehnat qiladi. Ularning aksariyati vaqtinchalik ishlashga ketgan mehnat migrantlari bo‘lib, mavsumga qarab yoki shartnomaga qarab O‘zbekistonga qaytib keladi. Bu borada avvalgi maqolalarda ham bir necha bor to‘xtalgan edik. Bugun e’tiborimizni boshqa jihatga, ichki migratsiyaga, aniqroq aytadigan bo‘lsa ichki mehnat migratsiyasiga qaratmoqchimiz. Bunda Toshkent shahriga viloyatlardan kelib turli sohalarda mehnat qilayotganlar asosiy diqqat markazida bo‘ladi.
O‘zbekiston Respublikasida ichki migratsiya oqimlarini hisobga olish tizimi sovet tizimidan meros bo‘lib qolgan va 2020-yilgacha hech qanday jiddiy o‘zgarishlarga duch kelmadi. Chunki u o‘shangacha faqat propiska instituti bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan. Aholining ichki migratsiyasini joriy hisobga olish Ichki ishlar vazirligi tizim tashkilotlari tomonidan aholini hisobga olish va chiqarish hujjatlari asosida amalga oshiriladi. Aholini ro‘yxatdan o‘tkazishda “Kirish manzili varaqasi”, bo‘shatilganda – “Ketish manzili varaqasi” va bir vaqtning o‘zida “Kelish varaqasi uchun statistik buxgalteriya kuponi”, “Kirish varaqasi uchun statistik buxgalteriya kuponi” tuzilgan. Manzilli varaqalar ichki ishlar organlari tomonidan manzil-ma’lumotnoma ishlari uchun foydalanilib, kelish va jo‘nab ketish varaqalari statistik talonlar esa aholi migratsiyasini statistik hisobga olish uchun davlat statistika organlariga topshirilgan. Ushbu talonlarda migrantning yoshi, jinsi, millati, ma’lumoti, oilaviy ahvoli, oxirgi ish joyi, doimiy ro‘yxatga olingan joyi va oxirgi yashash joyi, kelish maqsadi, 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar soni to‘g‘risidagi ma’lumotlar mavjud. Statistik kuponlardagi ma’lumotlarni tahlil qilish hududiy va bir qator ijtimoiy-professional va demografik xususiyatlar bo‘yicha guruhlangan kelganlar va ketishlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni olish imkonini beradi. Ammo bugun ushbu tizimga doir ma’lumotlar sayoz ko‘rinishda va doimiy ommaga oshkor etilmaydi.
Respublikada asosiy ichki migratsiya amalga oshiriladigan nuqta bu poytaxt Toshkent sanaladi. Ichki migratsiyani o‘zi o‘z navbatida shartli ravishda ikkiga bo‘linishi mumkin.
Sanoatdan oldingi davrda hatto eng yirik shaharlar ham ancha ixcham edi: Qadimgi Rimda 1 millionga yaqin odam yashagan, shaharning diametri esa 3 km dan deyarli oshmagan. Bloomberg jurnalistlarining so‘zlariga ko‘ra, shaharlarning kenglik bo‘yicha o‘sishining aniq cheklovi transportning yetishmasligi edi: odamlar, masalan, ishga borish uchun piyoda yoki yuklangan hayvonlarda uzoq masofalarni tezda bosib o‘ta olmadilar. Shu sababli, shaharlar tobora zichlashib bordi, bu esa antisanitariya sharoitlariga va natijada kasalliklar va ommaviy epidemiyalarga olib keldi, ba’zan barcha aholini qirib tashladi. Faqatgina parovozlar, keyin esa avtomobillar ixtiro qilinishi bilan shahar kengayib, unda ko‘proq odamlarning ishlashiga imkon yaratdi. Hozirgacha o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan manzara kuzatila boshlandi: transport qanchalik faol rivojlansa, tobora ko‘proq foydalanish mumkin bo‘lsa, odamlar o‘qish yoki ishlash uchun qo‘shni aholi punktiga muntazam ravishda kelishga tayyor. Bugun Toshkentda aynan shu yo‘nalishda xizmat o‘tayotgan tayanch nuqtalar mavjud. Masalan, Bo‘stonliq tumani, Chirchiq shahri va Qibray tumanidan qatnovchilar uchun Mirzo Ulug‘bek tumani Buyuk ipak yo‘li metro bekati atrofi, Parkent, Yuqori va O‘rta Chirchiq tumanlari uchun Mirzo Ulug‘bek tumani Muhammad Yusuf berk ko‘chasi, Bekobod, Pskent, Bo‘ka, O‘rta Chirchiq, Quyi Chirchiq va Oqqo‘rg‘on tumanlari uchun Qo‘yliq massivi atrofi, Toshkent va Zangiota tumanlari uchun asosan Abu Saxiy bozori atrofi va Uch Qahramon tayanch punkti atroflari asosiy qatnov nuqtalari sanaladi. Bu borada aniq tadqiqotlar va statistik ma’lumotlar mavjud emasligini inobatga olgan holda, o‘quvchilarda taxminiy raqamlar hosil bo‘lishi uchun Yuqori Chirchiq tumaniga qatnovchi mikroavtobus haydovchilaridan qatnov haqida ma’lumot so‘ralganida kunlik qatnov soni 10-20 marta borib kelish ekanligi, ulov sig‘imi haydovchidan tashqari 14 tani tashkil etishi aniqlandi. Taksoparkdagi mashinalar soni 50 tacha (yengil avtomobillar soni bilan qo‘shib hisoblaganda) o‘rtacha 8-10 kishi qatnashini hisobga olsak, bu yo‘nalishda Toshkentga qatnab ishlovchilar soni taxminan 1000-5000 ming oralig‘ida ekanligiga guvoh bo‘lamiz. Boshqa yo‘nalishlar bilan qo‘shib hisoblaganda bu raqamlar ulkan ko‘rinishga keladi. Ular orasida doimiy ishga ega odamlar ham, norasmiy mavsumiy ishlarga keluvchilari ham mavjud. Yollanma mehnat salmog‘i asosiy daromad turlaridan sanalib, 2021- yilning yanvar-dekabr oylarida aholi umumiy daromadlarining katta qismi yollanma ishchilarning daromadlari va mustaqil ravishda band bo‘lishdan olingan daromadlarni o‘z ichiga olgan mehnat faoliyatidan olingan daromadlardan (jami aholi umumiy daromadlarining 65,0 foizi) shakllandi).
Ikkinchi yo‘nalish – o‘zga viloyatlar hududiga bo‘lgan migratsiya. Bu turdagi migratsiyaning asosiy sababi doimiy ish bilan ta’minlanish darajasining pastligi, ishchi kuchi arzonligi bilan bog‘liq. Moliyaviy tomondan Toshkent doimo Respublika miqyosida o‘ziga jalb etadigan darajada salohiyatga ega bo‘lgan. Poytaxtga kelib ishlovchi aholining sonini vaqtinchalik ish bilan ta’minlash markazlari orqali yollanib ishlayotganlar soni va uning viloyatlar kesimidagi taqsimoti orqali shakllantirish mumkin. Ammo tegishli vazirliklar tomonidan shakllantirilgan ochiq ma’lumotlar orasida bu turdagi qaydlarni uchratmadik. Bu masalaga taxminiy javobni statistika agentligi tomonidan taqdim etilgan “aholi daromadlari”ga bag‘ishlangan tahliliy ma’lumotlarga yuzlandik. Transferlardan olingan daromadlarning ulushi Xorazm va Samarqand viloyatlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasida, Surxondaryo, Andijon, Farg‘ona va Namangan viloyatlarida aholi umumiy daromadlariga nisbatan 30 foizdan yuqori ko‘rsatkichni tashkil etgan bo‘lsa, Navoiy viloyatida mazkur daromad turining ulushi eng past ya’ni, 12,4 foizni tashkil etgan. Agar shu ma’lumotni qisman asos qilish mumkin bo‘lsa, shu hudud fuqarolari ichki migrant sifatida Toshkentda faoliyat yuritish foizi qolgan hududlarga nisbatan ehtimoli yuqori sanaladi. Yuqoridagi Xorazm va Qoraqalpog‘iston Respublikasidan Toshkentga kelib ishlash oldindan qulay sanalgan. Ushbu hududlardagi ekologik vaziyat murakkabligini hisobga olgan holda ularga bu masalada yengilliklar taqdim etilgan.
Bu turdagi migratsiya boshqa ma’muriy birliklarda ham ko‘lami so‘nggi yillarda kengayib bormoqda buning asosiy sababi sifatida poytaxtning alohida statusdan “mahrum” etilganligidadir. Shu bilan birga, asosiy ichki migratsiya yo‘nalishi sanalgan qurilish sohasining YAIM dagi ulushi 2017-yildagi 5,6 foizdan, 6,8 foizgacha o‘sgan. Shuningdek ichki migratsiya uchun yuqoridagi ekologik va moliyaviy qiyinchiliklar bilan bir qatorda, rivojlangan infrastrukturada yashash istagi, diniy e’tiqod va siyosatga bog‘liq migratsiyani ham misol sifatida keltirish mumkin. Misol uchun, chekka hududlarda masjidlar soni ozligi diniy ta’lim olish imkoniyati faqatgina Toshkent, Buxoro va ba’zi viloyat markazlaridagi madrasalarda mavjud, bunda asosiy motiv iqtisodiy ehtiyoj sanalmaydi. Bu turdagi ko‘plab migrantlar o‘ziga to‘q kishilar sanalishadi. Siyosiy jarayonlar orqali ichki migratsiyani amalga oshirilishiga misol sifatida 2005 va 2010-yillarda Farg‘ona vodiysidagi ko‘ngilsiz voqealarni misol sifatida olishimiz mumkin. Aksar respondentlar tomonidan ham poytaxtda adolat borligi, yashash, e’tiqod erkinligi (oxirgi yillarda ekologik vaziyat salbiy ko‘rinishga ega) qolgan hududlarga nisbatan erkin ekanligini ta’kidlashdi.
“Vaqtinchalik bir martalik ish bilan ta’minlash markazlari” bu boradagi hukumat siyosatining ko‘zgusi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 18.05.2001 yildagi 223-son Qarori asosida “Vaqtinchalik bir martalik ish bilan ta’minlash byurolari” tashkil etilgan. Uning asosiy vazifalari sifatida:
- vaqtinchalik bir martalik ishlarga yollanishda fuqarolarga ko‘maklashish;
- vaqtinchalik bir martalik ishlarni bajaruvchi fuqarolarga yangidan tashkil etilgan va bo‘sh ish joylarida ishga joylashish, kasb-kor tayyorgarligi, o‘z ishini tashkil etish va yuritish masalalari bo‘yicha maslahat va kasbga yo‘llash xizmatlari ko‘rsatish;
- vaqtinchalik bir martalik ishlarni bajarish uchun fuqarolarni yo‘llashda ish beruvchi xususiy shaxslarga ko‘maklashish;
- vaqtinchalik bir martalik ish izlovchi fuqarolarni keng xabardor qilish uchun xususiy ish beruvchilar tomonidan beriladigan ish turlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar bankini shakllantirish;
- vaqtinchalik bir martalik ishga yollanuvchi fuqarolarni vaqtinchalik bir martalik ishlarni bajarishda jamoat tartibiga rioya qilish, pasport rejimi qoidalari, shuningdek mehnat xavfsizligining asosiy qoidalari to‘g‘risida xabardor qilish;
- manfaatdor ish beruvchilar va vaqtinchalik bir martalik ish izlovchi shaxslar ishtirokida bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkalarini muntazam ravishda o‘tkazish;
- vaqtinchalik bir martalik ish izlovchi fuqarolar uchun zarur ijtimoiy-maishiy shart-sharoitlar yaratish, ovqatlanish shoxobchalari tashkil etish;
- jamoat tartibini saqlash, vaqtinchalik bir martalik ishlarni bajaruvchi fuqarolar tomonidan qonun hujjatlari buzilishining oldini olish.
Toshkent shahrida bugungi kunda 8 ta bu turdagi markazlar faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularning ijobiy tomoni sifatida Mirzo Ulug‘bek ko‘chasida joylashgan markazga murojaat etib kelgan fuqarolardan fikr so‘ralganda, ular tomonidan ko‘p hollarda kelishilgan pullarni olishda beriladigan amaliy yordam va ba’zi aniq kasb-korga ega bo‘lmagan fuqarolarni Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi tasarrufidagi Monomarkazlarga malaka oshirish va kasb sirlarini o‘rganishga yo‘naltirishida deb aytishdi. Bu markazlarga murojaat etuvchi fuqarolarning ko‘pchiligi oliy ma’lumotga ega emas. Ulardan o‘zlari yashayotgan hududlarda ishlashdan nimasi afzal Toshkentni, deb savol berilganda viloyat markazida mardikorlik ishlari kunlik 50-100 ming so‘m atrofida to‘g‘ri kelishi, Toshkentda esa bu ko‘rsatkich 150-300 ming atrofida ekanligini aytishdi. Lekin markaz faoliyatidagi asosiy muammo uning bu turdagi ishchilarning to‘liq qamrab olmaganligi, ularning doimiy huquqlari buzilishi, shuningdek, davlat tomonidan o‘rnatilgan qoidalarni doimiy buzishlariga zamin yaratmoqda. Markaz tashkil etilish sababi ham aynan sohaga oid huquqbuzarliklarni kamaytirish va aholi bandligini ta’minlash sanalgan. Shunga qaramay, Toshkentdagi “mardikor bozorlari”da ichki ishlar organlari tomonidan vaqti-vaqti bilan reydlar uyushtirib turiladi. Bunda aksariyat mardikorlar vaqtinchalik ish bilan ta’minlash markazlaridan hujjat olmagani uchun jarimaga tortish bilan tugaydi. Bu esa tizimda hamon muammolar borligini ko‘rsatadi.
Toshkent ichki “miyalar” oqimi yo‘nalgan nuqta. Poytaxtda moliyaviy tomondan daromad miqdori o‘zga hududlarga nisbatan karrasiga ko‘p ekanligi uning oilaviy ahvoli chetga chiqishga imkon bermaydigan ziyolilarni o‘ziga doim chorlagan. Shuningdek kasbiy rivojlanish, mansab pillapoyasidan tez ko‘tarilish imkoni 2020 -yilda propiska tizimi soddalashtirilgandan so‘ng yanada real voqelikka aylandi. Barcha vazirliklar markaziy apparati Toshkentda joylashgan shu bilan birga yirik biznes subyektlari shtab kvartirasi ham aynan shu shaharda sanaladi. Shu sababdan OTM ni bitirishi bilan talabalar imkon darajasida Toshkentda qolish payiga tushishadi. Bu tizim ayniqsa xususiy OTMlar ochilguniga qadar yaxshi ishlagan.
Aksar muhim yo‘nalishlar faqatgina Toshkentdagi oliygohlarda mavjudligi (masalan yuridik soha, moliya, bank ishi v.b.) talabalarni Toshkentga intilishlarini ta’minlab bergan, ular uchun Toshkent erishilishi mumkin bo‘lgan eng yirik cho‘qqi sifatida gavdalangan. Ziyoli qatlamning Toshkent tomon intilishiga yana bir sabab, o‘z yashash hududida u egallagan kasb bo‘yicha ish o‘rni mavjud emasligida. Misol tariqasida Toshkent shahrida joylashgan maktablardagi viloyatlardan kelib ishlayotgan o‘qituvchilardan bu borada fikr olinganda ular quyidagicha javob berishdi: “Asli Navoiylikman institutni tugatib dastlab uyim yaqinidagi maktablarga ish so‘rab bordim, ular dars soatlari mavjud emasligi aytishdi, keyin shahar bandlik markaziga borishimni ular yo‘llanmasi orqali biron maktabda ish boshlashim mumkinligini aytishdi shahardagi 4-maktabda soham bo‘yicha atigi 4 soat dars bor ekan bu hattoki u yerga borish xarajatimni qoplamas edi. Shu sababli, shu yerga kelib ishlashga majburman. Uylanganim bois xotinim bilan topayotgan pulimiz arang yetyapti lekin orttira olmayapmiz”.
Ushbu havola orqali suhbatdoshimizning fikrlarini tinglashingiz mumkin. U shaxsini sir qolishini qattiq iltimos qilgani bois uning kimligini oshkor etmaslikka qaror qildik.
“Men ham dastlab bu yerga kelishga ikkilandim ammo ba’zi do‘stlarim bu yerda oyliklar miqdori ko‘p bo‘lmasa-da dars soatlari 1 stavka va undan ko‘p borligini aytishgani bois keldim, lekin oylik maoshlar juda oz, o‘zga davlatlarda poytaxt aholisi uchun oyliklar miqdori oshirilib beriladi, lekin bizda doimgidek, o‘qituvchi va shifokorlar bu baxtni faqat orzu qilib yashamoqdamiz”.
Yana bir suhbatdoshimiz esa hamkasbimiz Ulug‘bek Oripov. U Toshkentda jurnalistika sohasida faoliyat yuritadi. Biz uning poytaxtdagi faoliyati bilan qiziqdik.
Yuqoridagilardan kelib chiqib xulosa qilish mumkinki, Toshkent ichki migratsiya uchun asosiy yo‘nalish bo‘lib, unda nafaqat vaqtinchalik ishlashga kelganlar, balki umrbod ko‘chib kelib mehnat qilayotganlar ham bor. Bugungi mehnat bozorining talablaridan kelib chiqsak, vaqtinchalik ishchilar asosan qurilishlarda mehnat qilmoqda. Undan tashqari turli kunlik vazifalar, odamlar uylaridagi ishlar, tozalash kabi sohalarda ham mehnat qilmoqda. Ayollar mardikor bozorlaridan esa uy tozalash, dala ishlari uchun ishchilar jalb qilinmoqda. Ammo norasmiy faoliyat ko‘rsatayotgan mehnat migrantlarining huquqlari va himoyasi borasida hamon muammolar mavjud va buni hal qilish uchun zarur choralarni ko‘rish lozim.
Манба: daryo.uz